FIFA Ozarbayjon va Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan FIFA U-20 World Cup 2027™ rasmiy brendini taqdim etdi va boʻlajak yulduzlarni oʻz tarixini yozishga chorladi. “O‘yinni oʻzing belgilaysan” (U Shape The Game) rasmiy shiori orqali yosh futbolchilar va muxlislarni yoshlar o‘rtasidagi mundial haqida boxabar qildi.
Futbolchilar va muxlislarga qaratilgan “O‘yinni oʻzing belgilaysan” (“U Shape The Game”) shiori FIFA U-20 Jahon chempionatining asosiy g‘oyasini ifodalaydi. Musobaqa yosh futbolchilarga o‘z iste’dodini namoyon etish, katta yutuqlarga erishish va futbol tarixida o‘z nomini qoldirish imkonini beradi.
Rasmiy emblemada O‘zbekiston va Ozarbayjonning boy madaniy merosidan ilhomlangan milliy naqshlar va mozaika elementlari aks etgan. An’anaviy bezaklar zamonaviy shakllar va ranglar uyg‘unligi orqali yangicha talqinda namoyon etilgan.
Emblemaning markazida yorqin va o‘ziga xos “U” harfi joylashgan. U yosh futbolchilarning o‘z kelajagini yaratish va futbol rivojiga hissa qo‘shish salohiyatini ifodalaydi. Shuningdek, emblema futbolchilar va muxlislarning musobaqadagi muhim o‘rnini ta’kidlaydi.
Moviy-yashil, yashil, binafsha va qizil ranglar uyg‘unligi musobaqaga o‘ziga xos ko‘rinish bag‘ishlaydi. Ranglarning bir-biriga uyg‘un o‘tishi esa O‘zbekiston va Ozarbayjonni yagona brend ostida birlashtiradi.
FIFA bosh kotibi Mattias Grafström shunday dedi: “Yosh futbolchilar uchun Jahon chempionatida o‘z mamlakati sharafini himoya qilish — butun faoliyati davomida faxr bilan eslaydigan ulkan yutuq. Shu bilan birga, bu ular uchun yangi tajriba orttirish, turli futbol uslublarini o‘rganish, yangi muhitga moslashish va tengdoshlari orasidagi eng kuchli futbolchilarga qarshi maydonga tushish imkoniyatidir.
“Oʻyinni oʻzing belgilaysan” shiori aynan yosh futbolchilarga qaratilgan. Chunki bu musobaqa ularga o‘z iste’dodini namoyon etish, futbol tarixida o‘z izini qoldirish imkonini beradi.”.
“Biz mezbon davlatlar — Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan hamkorlikda yosh futbolchilarga FIFA U-20 Jahon chempionati musobaqasida o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratmoqchimiz. Shuningdek, ularga musobaqa yakunlanganidan keyin ham uzoq vaqt yodlarida qoladigan unutilmas taassurotlar ulashishni istaymiz. Bu boradagi samarali hamkorligi uchun har ikki mezbon davlatga minnatdorlik bildiramiz”.
Bugun musobaqa brendining taqdimotiga bag‘ishlangan tantanalar har ikki mezbon davlat poytaxtida davom etadi. Turnirga tayyorgarlik ishlari jadallashib borayotgan bir paytda Boku va Toshkentning diqqatga sazovor joylarida rasmiy emblema namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (AFFA) prezidenti Rovshan Najaf shunday dedi: “FIFA U-20 Jahon chempionati turli mamlakatlardan kelgan yosh futbolchilarga o‘z iste’dodini namoyish etish, xalqaro tajriba orttirish va sport faoliyatida muhim qadam tashlash uchun katta imkoniyat yaratadi. Ishonamizki, ushbu musobaqa yuqori saviyadagi sport bellashuvi bo‘lish bilan bir qatorda, yosh futbolchilarning rivojlanishi va muxlislarning futbolga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish uchun muhim maydon vazifasini ham bajaradi”.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov shunday dedi: “FIFA U-20 Jahon chempionati yosh futbolchilarga o‘z iste’dodlarini xalqaro miqyosida namoyon etish, tajriba orttirish va professional faoliyatida yangi bosqichga chiqish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Ishonamizki, O‘zbekiston va qardosh Ozarbayjonda o‘tkaziladigan yoshlar oʻrtasidagi Mundial mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning yana-da mustahkamlanishiga xizmat qilib, butun dunyo ishqibozlarining e’tirofiga sazovor boʻladi.”.
FIFA U-20 Jahon chempionati 2027 musobaqasi tarixdagi 25-turnir bo‘lib, 1977-yilda Tunisda o‘tkazilgan ilk musobaqaning 50 yilligiga to‘g‘ri keladi. Diego Maradona, Lionel Messi va Erling Haaland kabi mashhur futbolchilar ham faoliyatining ilk bosqichlarida ushbu turnirda ishtirok etishgan.
Navbatdagi musobaqa yosh futbolchilarga o‘z iste’dodini namoyish etish va futbol tarixida o‘z nomini qoldirish imkonini beradi. Muxlislar esa kelajakda jahon futboli yulduzlariga aylanishi mumkin bo‘lgan iqtidorlarni kashf etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
FIFA U-20 Jahon chempionati 2027 musobaqasiga tashrif buyurishni istagan muxlislar chiptalar haqida quyidagi havola orqali ma’lumot olishlari mumkin:
FIFA.com/tickets