O’zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokidagi matbuot:
Assalomu alaykum hammaga. Jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘ryapmiz va juda qattiq ishlayapmiz. Barchamiz mundialga uchib ketishni intiqlik bilan kutyapmiz.
Murabbiy etib tayinlanganimdan keyin murabbiylar shtabi bilan birgalikda barcha futbolchilarni kuzatib bordik. Kimdir terma jamoaga chaqirilmagan bo‘lsa, demak u o‘z o‘yini bilan hali meni yetarlicha ishontira olmagan.
Terma jamoaga jalb etishda futbolchilarning yoshiga e’tibor bermadim. O‘zini ko‘rsatgan, munosib bo‘lgan futbolchilarni chaqirdim.
O‘tgan hafta yig‘inni boshladik va nazorat uchrashuvida ishtirok etdik. Hozir jamoaning jismoniy holatini yaxshilash ustida ishlayapmiz.
Barcha futbolchilar bor kuchi bilan mehnat qilmoqda. Maqsad — jamoaning jismoniy tayyorgarligini yanada kuchaytirish.
Assotsiatsiya rahbariyatiga alohida rahmat aytaman. Ular biz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda.O‘rtoqlik uchrashuvlari uchun imkon qadar kuchli va raqobatbardosh raqiblarni tanlashga harakat qildik. Bunda murabbiylar shtabi bilan muntazam muloqot olib borib, mavjud ma’lumotlar va tahlillar asosida biz uchun eng foydali bo‘ladigan terma jamoalarni sarab chiqdik.
Kanada — musobaqa mezboni sifatida yuqori darajadagi futbol muhiti va ajoyib atmosfera yaratishi shubhasiz. Bu esa futbolchilarimiz uchun muhim tajriba bo‘ladi. Niderlandiya esa Yevropaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Ularning o‘yin uslubi va taktik yondashuvi ma’lum jihatlari bilan Portugaliya terma jamoasiga o‘xshash.
O‘FAning xalqaro federatsiyalar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorligi bizga ana shunday kuchli raqiblarga qarshi o‘yin tashkil etishda katta yordam berdi. Ishonamanki, ushbu uchrashuvlar orqali jamoamiz o‘zi uchun muhim xulosalarga ega bo‘ladi, futbolchilarimiz esa yuqori saviyadagi uchrashuvlarda tajriba olishda davom etishadi.
Jamoa safiga chaqirilgan futbolchilarni tanlashda o‘zim munosib deb hisoblagan nomzodlarga tayanib ish yuritdim.
Masalan, Jaloliddin Masharipov katta tajribaga ega. Agar u optimal sport formasiga chiqsa, jahon chempionatida jamoaga katta foyda keltirishi mumkin.
Abbos Fayzullayev kuni kecha gol urdi. Shuningdek, u mehnatkashligi va jangovar xarakteri bilan ham ajralib turadi.
Shuningdek, Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodov hozir yaxshi holatda.
Ba’zi futbolchilarimiz jarohat yoki o‘yin amaliyoti yetishmasligi sabab optimal formada emas, ammo hali vaqt bor va ular tez orada tiklanishiga ishonamiz.
Eng muhimi — bu biz uchun ilk jahon chempionati. Shuning uchun futbolchilarga ortiqcha bosim emas, aksincha, o‘yindan zavq olish ruhini berishimiz kerak. Men jamoamizning bor kuchi bilan xalqimiz uchun munosib ishtirok etishiga ishonaman.
Yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogidagi guruhimiz juda qiziqarli va kuchli raqiblardan iborat. Har bir o‘yin biz uchun jiddiy sinov bo‘lib, maksimal e’tibor va tayyorgarlikni talab qiladi.
Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri — Osiyo kubogini yutish. Biz bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati esa biz uchun tajriba maydoni bo‘lsa, Osiyo kubogida esa natija uchun kurashamiz — Fabio Kannavaro.