O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi maydonida “Hakamlar akademiyasi”ga kirish uchun saralash sinovlari boshlandi. Mazkur jarayonlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan tashrif buyurgan yosh va iqtidorli hakamlikka qiziquvchilar ishtirok etmoqda.
Saralash doirasida ishtirokchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar boshlandi. Ularning o‘yin jarayonidagi harakatlari va qaror qabul qilish qobiliyati tajribali mutaxassislar tomonidan baholab borilmoqda. Jumladan, Ravshan Irmatov, Bobur Haydarov, Valentin Kovalenko hamda Aleksandr Popov ishtirokchilarning faoliyatini kuzatib, tegishli tavsiyalar bermoqda.
"Sizlarda yuqori salohiyat va intilish mavjud. Agar o‘zingizning ustingizda tizimli va izchil ishlasangiz, biz sizlar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz. Oldingizga xalqaro darajadagi hakam bo‘lishni aniq maqsad qilib qo‘yishingiz lozim.
Hakamlik faoliyatida yosh mezoni hal qiluvchi omil hisoblanmaydi. Eng muhim jihatlar — bilim darajasi, professional tayyorgarlik, maydondagi o‘zini tutish va o‘yinni samarali boshqarish qobiliyatidir. Shu bois, yuqori saviyaga ega hakamlarga katta o‘yinlarda faoliyat olib borishlari uchun imkoniyat yaratiladi.", — dedi Ravshan Irmatov.
Shuningdek, instruktor Aleksandr Popov saralash jarayonining tartibi, baholash mezonlari va zamonaviy hakamlik talablari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Mazkur saralash bosqichlari orqali eng iqtidorli nomzodlar tanlab olinib, “Hakamlar akademiyasi”da tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar