Avstraliyada o‘tkazilayotgan ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogining guruh bosqichi uchrashuvlari yakunlanib bormoqda. Turnirda ishtirok etayotgan O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“B” guruhidan joy olgan vakilalarimiz KXDR, Xitoy va Bangladesh terma jamoalariga qarshi maydonga tushib, guruhni uchinchi o‘rin bilan yakunladi.
Turnir reglamentiga muvofiq, guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rindagi jamoalar orasidan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega jamoalar chorak final bosqichiga yo‘l oladi.
Ushbu reytingda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Filippin terma jamoasi ham 3 ochko to‘plagan bo‘lsa-da, kiritilgan to‘plar farqiga ko‘ra vakillarimiz ustunlikka erishib, chorak finalga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi.
O‘zbekiston terma jamoasining chorak finaldagi raqibi boshqa guruhlardagi o‘yinlar natijalariga qarab aniqlanadi. Jamoamiz:
a) 14-mart kuni “A” guruhi g‘olibi — Koreya Respublikasiga qarshi maydonga tushishi mumkin;
b) yoki 15-mart kuni “C” guruhi g‘olibi bilan bahs olib boradi.
Chorak final bosqichi turnirning hal qiluvchi pallalaridan biri hisoblanadi. Chunki Osiyo kubogida eng yaxshi olti jamoa 2027-yilgi ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Agar O‘zbekiston terma jamoasi chorak finalda g‘alaba qozonsa, mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oladi. Ushbu bosqichda imkoniyatni boy bergan jamoalar 19-mart kuni o‘tish o‘yinlarida ishtirok etib, qolgan yo‘llanmalar uchun kurashni davom ettiradi.